Mavzu davomida
Ekzema nima
Ekzema kasalligi – terining allergik kasalligi bo‘lib, boshlanishi o‘tkir, keyinchalik esa surunkali-qaytalama kechadigan toshma elementlari polimorfizm ko‘rinishida namoyon bo‘ladi.
Ekzema so‘zi yunoncha «yeszeo” so‘zidan olingan bo‘lib, «qaynash”, degan maʼnoni anglatadi. Kasallikning kelib chiqishida asab, endokrin tizimlari, modda almashinuvi va immun mexanizmlar faoliyatining buzilishi hamda kasallikka nisbatan bo‘lgan irsiy moyillik kabi omillarning bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Ekzema jarayoni yuqorida qayd etilgan etiologik omillar natijasida hamda ekzogen faktorlar taʼsirida rivojlanadi.
Ekzogen taassurotlar sifatida kasallikning vujudga kelishida kimiyoviy, fizik, mexanik, biologik, bakterial, kosmetologik omillar ham asosiy o‘rin tutadi. Ekzema kasalligi boshida organizmni allergik sezuvchanligi (reaktivligi) monovolent ko‘rinishida namoyon bo‘ladi, keyinchalik esa organizmning turli tasirotlar va allergenlarga nisbatan sezuvchanlik holati orta borishi qayd etiladi, boshqacha qilib aytganda polivalent ko‘rinishidagi sezuvchanlik holati yuzaga keladi.
Shunday qilib, ekzema kasalligi asosida allergik jarayonning asta-sekin rivojlanib borish holati yotadi, bunday holat esa o‘z-o‘zidan kasallikning tabiatini, uning kechishi belgilab beradi. Ekzema kasalligi kechishi ko‘p hollarda yil fasllariga bog‘liq ko‘rinishda kechadi, masalan, xaqiqiy ekzema kasalligi bahor oylarida qo‘zg‘alsa, uning mikrobli turi esa kuz oylarida qo‘zg‘aydi.
Bolalarda ekzema kasalligining vujudga kelishi va shakllanishida yuqorida keltirilgan omillardan tashqari kasallikka bo‘lgan irsiy moyillik holati ham katta o‘rin tutadi.
Bundan tashqari homila davri, tug‘ilish jarayonining patologik ko‘rinishlarida, tug‘ruqning asoratli kechishi, erta ko‘krakdan ajratish, qo‘shimcha ovqatlarning erta berilishi, gijja infeksiyalari, turli ko‘rinishda bo‘lgan o‘choqli infeksiyalarning mavjudligi bolalarda allergik jarayonning avvaliga o‘tkir, keyinchalik esa sekin-asta rivojlanishi asosida ekzema kasalligi toshmalarining namoyon bo‘lishiga va kasallikning shakllanishiga sabab bo‘ladi.
Ekzema kasalligining tabiatini tushunish uchun albatta, ekzema jarayonining kechish bosqichlarini tafovut etish lozim. Ekzema kasalligi rivojida quyidagi bosqichlar kuzatiladi: eritemali – tugunchali – pufakchali- yiringchali – suvchirash – qatqaloqli – qipiqli – tiklanish bosqichlari. Yuqorida sanalgan bosqichlarning navbatma-navbat o‘tishi shart emas. Kasallikning turiga va davo choralariga bog‘liq holda u yoki bu bosqichlar kuzatilmasligi ham mumkin.

Ekzema kasalligining yagona qabul qilingan klassifikatsiyasi yo‘q. Kasallikning kechishi bo‘yicha o‘tkir, yarim o‘tkir va surunkali hillari tafovut etiladi. Klinik turlari bo‘yicha haqiqiy yoki idiopatik (pruriginoz, disgidrotik), mikrobli (nummulyar varikoz, sikozsimon, ko‘krak bezi so‘rg‘ichi ekzemasi), seboreyyali, kasbga aloqador va bolalar ekzemalari tafovut etiladi.
Chin ekzema
Chin ekzema kasalligi go‘daklarda hayotlarining 3-6 oyliklaridan boshlanadi, patologik jarayon yuz teri sohasi, yonoqlarda asosan simmetrik holatda joylashadi. O‘choqlarda to‘qqizil rangli eritema, uning asosida esa serozli tugunchalar, pufakchalar kuzatiladi, ular esa o‘z navbatida tezda yorilishga va kasallikka xos bo‘lgan eroziyalarning hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Bunday ko‘rinishda bo‘lgan o‘zgarishlar «seroz quduqlari” deb nomlanadi. Jarayonni kechishida burun-lab uchburchagi sohasida kasallik belgilari kuzatilmaydi. Keyinchalik bunday serozli o‘choqlar bir-biri bilan qo‘shilishib, katta hajmdagi ho‘llanib turuvchi o‘choqlarni hosil qiladi, ular sathi qobig‘lar bilan qoplanib turadi. Keyinchalik jarayon tana teri sohalariga, dumba, qo‘l va oyoqlarga tarqalishi mumkin. Jarayon qichishish, bezovtalanish, uyqusizlik, ishtahaning buzilishi hamda umumiy ahvolning o‘zgarishi bilan kechadi.
Seboreyali ekzema
Seboreyali ekzema kasalligi o‘choqlari tananing yuqori qismida, ko‘pincha boshning sochli qismi, quloq suprasi va uning atrofida, yuz terisi, ko‘krak va yelka sohalarida joylashadi.
Kasallangan o‘choqlarda dumaloq oval ko‘rinishida bo‘lgan, sathi pushti qizil-sariq rangli qazg‘oq va qipiqlardan iborat o‘choqlar kuzatiladi. Boshning sochli sohalarida joylashgan o‘choqlarda kuchli qazg‘oqlanish, qipiqlanish kuzatilib, quloq suprasi va orti sohalarida va buramalarda seroz-yiringli ekssudatsiyadan iborat yorilishlar kuzatiladi. Bemorlarni ko‘pincha qichishish bezovta qiladi, jarayon yarim o‘tkir ko‘rinishda kechadi.
Mikrobli ekzema
Mikrobli ekzema chin ekzema kasalligidan kelib chiqish sababi, kechishi hamda klinik ko‘rinishi bilan farqlanadi.
Kasallikni yuzaga kelishida stafilokokkli, strepkokokkli, patogen zamburug‘lar alohida o‘rin tutadi. Ushbu mikroorganizmlar va ularning toksinlariga nisbatan bemor organizmi teri orqali mahalliy javob reaksiyasini beradi va kasallik belgilari namoyon bo‘ladi. Kasallik belgilari dastlab, yiringli toshmalar sifatida paydo bo‘lib, keyinchalik uning qashlanishi natijasida o‘rnida mikrobli ekzema kasalligiga xos bo‘lgan kasallik o‘chog‘i shakllanadi.
Kasallikning patologik o‘choqlari asosan assimetrik ko‘rinishda bo‘lib, asosan boldir, qo‘l kafti orti teri sohalarida joylashadi. O‘choqlar aniq chegarali ko‘rinishda bo‘lib, atrof teri sohalariga kengayishga moyil bo‘ladi, o‘choqlar sohasida qizarish, tugunchali, pufakchali, yiringchali toshmalar kuzatiladi, ular sathi serozli-yiringli ekssudat va va qatqaloqlardan iborat bo‘ladi.
Kasallik yarim o‘tkir ko‘rishda kechadi.